15 Dekabr 2021 yil 327

“Vatanparvarlik oyligi” doirasida Guliston Olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchilarining “Ajdodlar izidan avlodlar” muzeyiga tashrifi uyushtirildi.

Yurtimizda joriy yilning 15 dekabridan 2022 yilning 15 yanvariga qadar o‘tkazilayotgan Vatanparvarlik oyligi doirasida hamda yoshlar o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, ularni ona Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida joriy yilning 15 dekabr kuni Sirdaryo viloyati Guliston olimpiya zaxiralari kolleji o‘quvchilarining Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan “Ajdodlar izidan avlodlar” muzeyiga tashrifi uyushtirildi.

Ushbu tashrifda o‘quvchilar Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining “Ajdodlar izidan avlodlar” muzeyini ko‘zdan kechirar ekan, Sirdaryo viloyatining boy tarixi, Sardoba suv omborining talafoti, shahar-tuman Ichki ishlar organlarining tarixi, ikkinchi jahon urushi va Afg‘oniston urushi qatnashchilari, xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishib kelgan hamda Prezident tomonidan davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan xodimlar, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan xodimlarning faoliyatini ko‘rib o‘z hayratlarini yashira olmadilar.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligining bayrog‘i va emblemasi, shahar-tuman ichki ishlar organining tashkil etilishi tarixi, uni tasvirlovchi fotosuratlar, faoliyatiga oid lavhalar va alohida namunali belgilar, davlat mukofotlari va idoraviy ko‘krak nishonlari tasvirlari aks ettirilgan stendlar, jamoa va alohida xodimlar tomonidan sportda erishilgan yutuqlar, Amir Temurning "Temur tuzuklari" asari haqidagi ma’lumotlar, unda bayon etilgan davlat xizmati va xavfsizlikni ta’minlashga oid lavhalar, o‘zbek xalqining buyuk siymolari, mutafakkir olimlari va allomalarining hayoti va faoliyatiga oid stendlar va o‘sha davrlar ruhini to‘liq his etishga imkon beruvchi eksponatlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ichki ishlar organlariga tashriflari va faoliyatiga oid iqtiboslari aks ettirilgan stendlar ushbu vatanparvarlik burchagi hamda muzeyga tashrif buyurgan yoshlarda katta ta’surot qoldirdi.

Tashkil etilgan bu kabi madaniy tadbirlar yoshlarning vataniga, xalqiga va oilasiga bo‘lgan sadoqatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

Sirdaryo viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati.

 

Text to speech