26 Yanvar 2023 yil 239

Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvar kunidagi PQ-10-sonli Qarori bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

Joriy yilning 25-yanvar kuni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar organlarida xizmat qilib kelayotgan xotin-qizlar bilan navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi. Yig‘ilishda Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari podpolkovnik Q.X.Shermatov, Boshqarma MMI va KBTX boshlig‘i o‘rinbosari mayor N.Q.Mamayusupova hamda tizimda xizmat olib borayotgan ayol xodimalar, erkin yollangan ishchi-xizmatchilar ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida tizimda xizmat olib borayotgan xotin-qizlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 10-sonli Qarorining mazmun-mohiyati tushuntirilib, mazkur qaror bilan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”, “O‘zbekiston Respublikasi IIV Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash departamenti to‘g‘risidagi Nizom”, “Ichki ishlar organlarida kadrlar salohiyati darajasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar Yo‘l xaritasi”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar”dan iborat Ilovalar tasdiqlanganligi aytib o‘tildi.

Qaror orqali ko‘plab muammolar o‘z yechimini topganligini, jumladan, xodimga bola parvarishlash ta’tili berilganda, uni egallab turgan lavozimidan ozod etib, ichki ishlar organlari ixtiyoriga olish hamda ushbu lavozimiga boshqa xodimni tayinlash mumkin bo‘lganligi, IIV tasarrufidagi Davolash profilaktika muassasalari xodimlari endilikda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilayotgan har bir imtiyozdan to‘laqonli foydalanishlari mumkinligi aytib o‘tildi. Shuningdek, Qaror bilan tasdiqlangan “Yo‘l xarita”da Ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xotin-qizlar faolligini oshirishni nazarda tutuvchi tadbirlar, ya’ni xotin-qizlarni rahbarlik lavozimlariga tayinlash uchun ularning zaxirasini shakllantirib borish, kadrlar zaxirasiga kiritilgan xotin-qizlarda rahbarlik sifatlarini shakllantirish choralarini ko‘rib borish, xotin-qizlarning ijtimoiy-maishiy muammolarini o‘rganib borish va hal etishga ko‘maklashish, xotin-qizlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini yuksaltirish choralarini ko‘rish kabi tadbirlar belgilab berilganligi xotin-qizlar e’tiboriga yetkazildi.

Sirdaryo viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati.

Text to speech