24 Yanvar 2022 yil 264

Sirdaryo viloyati hududida 2021 yil yakuni bo‘yicha jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash borasida yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Boshqarma boshlig‘i ishtirokida 2021 yil sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda ularning o‘rinbosarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosari podpolkovnik Baxtiyor Inoqov tomonidan 2021 yil davomida viloyatda huquqbuzarlik va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir bo‘lgan jinoyatlarni issiq izida fosh etish, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi hamda yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan axborot berildi.

Yig‘ilish tanqidiy va tahliliy ruhda o‘tdi.

Sirdaryo viloyati IIB boshlig‘i har bir ichki ishlar organi xodimining o‘zi xizmat intizomi va qonunchilikka qatʼiy amal qilishi, xizmat vazifasiga vijdonan yondashishi, asosiysi vatanga, xizmatga va xalqiga sadoqatli bo‘lishi lozimligini taʼkidlab, 2022 yilda viloyatda ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar muhokama qilinib, har bir yo‘nalish bo‘yicha barcha ustuvor vazifalar belgilandi. Yig‘ilish so‘ngida boshqarma boshlig‘i polkovnik Shuxrat Bo‘ronov soha xodimlariga berilgan vazifa va topshiriqlarni vijdonan bajarishga, ichki ishlar organlari xodimlari orasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, qiynalgan, kam taʼminlangan, ko‘p farzandli va xonadonida bir nechta oila aʼzolari bilan birga yashovchi xodimlarni qo‘llab quvvatlash, ularning yaqin qarindoshlari orasida ishsizlarini ishga joylashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashda yuqori ko‘rsatkichlarga erishib kelayotgan tezkor xodimlar va profilaktika inspektorlarini moddiy jihatdan rag‘batlantirib borish lozimligini, jinoyatlarni tahlili asosida joylarda ishlarni tashkillashtirish kerakligini aytib, Boshqarma boshlig‘i va uning o‘rinbosarlari, mustaqil boshqarma, bo‘lim, bo‘linma va shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlariga tegishli topshiriq hamda ko‘rsatmalarini berdi. Shuningdek, Vatanimiz tinchligi va el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yo‘lidagi ko‘p yillik fidokorona xizmatlari, jinoyatchilikka qarshi kurash va uni oldini olish borasida mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib xizmat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar "O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlandilar.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech