21 May 2022 yil 278

Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari rahbar xodimlari uchun “Rahbar maʼnaviyati”, “Rahbarning boshqaruv madaniyati” va “Rahbar psixologiyasi” mavzularida seminar treninglar tashkil etildi.

Bugungi kunda ichki ishlar organlarida xodimlarning axloqiy-ruhiy salomatligini saqlash, maʼnaviy-ruhiy muhitining barqarorligini taʼminlash borasida samarali ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2022 yil 8 mart kunidagi 66-sonli buyrug‘i sohada xodimlar va ularning oila aʼzolari bilan amalga oshiriladigan axloqiy-ruhiy, maʼnaviy-maʼrifiy, madaniy va tarbiyaviy ishlarni yana-da tubdan takomillashtirish hamda sifat jihatdan yaxshilash uchun dasturamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining 2022 yil 17 may kunidagi reja-topshirig‘iga asosan joriy yilning 20 may kuni IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti yetakchi mutaxassis psixologi kapitan Karimov Jasur Baxriddinovich, Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari psixologlari hamda viloyatda jamoat birlashmalari, tashkilotlar, oliygohlar va boshqa muassasalar psixolog xodimlari ishtirokida Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari rahbar xodimlari uchun “Rahbar maʼnaviyati”, “Rahbarning boshqaruv madaniyati” va “Rahbar psixologiyasi” mavzularida seminar treninglar tashkil etildi.

O‘tkazilgan mazkur seminar treningda IIV masʼul xodimi tomonidan rahbarlik lavozimlariga tayinlanayotgan xodimlarni boshqaruvchanlik va tashkilotchilik qobiliyatlarini o‘rganishga qaratilgan ishlar tartibi va shaffofligi, jamoalarning maʼnaviy-ruhiy muhiti ahvolini o‘rganish bo‘yicha aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar, tabel qurolidan foydalangan holda xizmat olib boradigan xodimlar bilan o‘tkazilgan psixologik tadbirlar, bundan tashqari xodimlarning xizmatga moslashish jarayoni psixologik qo‘llab-quvvatlanishi, psixokonsultativ suhbatlarning amaldagi buyruq talablari asosida olib borishini, salbiy xulq-atvorga moyilligi yuqori xodimlarni aniqlashga qaratilgan psixologik-tadbirlar, shaxsiy tarkib bilan olib borilgan trening, o‘quv-amaliy mashg‘ulot va davra suhbatlarining to‘g‘ri tashkillashtirilishi muhokama qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tashkil etilgan mazkur seminar trening davomida psixologlar tomonidan Sirdaryo viloyati ichki ishlar organlari rahbar xodimlari uchun psixologik trening mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Ushbu psixologik trening mashg‘uloti davomida Ichki ishlar organlari xodimlarining umumiy dunyoqarashi, maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik, g‘urur, iftixor, kasbiga sadoqat va yuqori masʼuliyat hislarini oshirish bilan bog‘liq psixologik maslahatlar berib o‘tildi. Bundan tashqari kasbiy maishiy, stress (zo‘riqish), depressiya va boshqa salbiy ruhiy holatlarni oldini olish bo‘yicha psixologik tavsiyalar berib o‘tildi.

Bundan tashqari tajriba almashish uchun viloyatda jamoat birlashmalari, tashkilotlar, oliygohlar va boshqa muassasalar bilan bu borada hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, samarali ishlar olib borilmoqda. 

Tashkil etilgan bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar bundan keyin ham davom etib, har bir xodimni vataniga, xalqiga va oilasiga bo‘lgan sadoqatini yana-da mustahkamlab, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burch” ekanligini his qilgan holda halol xizmat olib borishini taʼminlaydi.

 Sirdaryo viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati.

Text to speech