10 Oktyabr 2021 yil 2207

Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish xalqimizga xos ezgu fazilat

Keksa avlod vakillarini qadrlash, hurmatlash, ularga ehtirom koʻrsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan azaliy qadriyatlarimizdan biridir. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil
27-sentabr kunidagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi oʻrni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 816-sonli qarori ham yurtimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvatlash, ularning jamiyat, oila va mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, yosh avlodni xalqimiz anʼanalarini hurmat qilish ruhida tarbiyalash bobidagi rolini oshirishga qaratilgan. Ushbu qarorga asosan, har yili oktabr oyining birinchi haftasi “Keksalar haftaligi” etib belgilanganligi xalqimizga xos mehr-oqibat, katta avlodni eʼzozlash, ularning hayot yoʻlini oʻrganish orqali yosh avlodga ibrat maktabini tarannum etuvchi tadbirlar koʻlamini oshirishga xizmat qiladi.

Joriy yilning 9-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV Sirdaryo akademik litseyi direktori mayor Gʻ.J.Abdullaнev boshchiligida bir guruh litsey oʻquvchilari tomonidan “Keksalarni eʼzozlash, ularga hurmat-ehtirom koʻrsatish — xalqimizga xos ezgu fazilat!” degan bosh gʻoya ostida marhum ichki ishlar organi xodimi serjant Abduxalikov Gʻayrat Odiljonovichning bugungi kunda yolgʻiz qolgan volidasi Maʼrifatxon aya va farzandlari holidan xabar olindi.

Bugungi kunda 70 yoshdan oshgan, 2-guruh nogironi boʻlgan Maʼrifatxon aya marhum oʻgʻlidan yodgor boʻlgan 2 nafar nabiralarini tarbiyalab voyaga etkazmoqda. Albatta, xalqimiz Vatanimizga xizmat qilib qurbon boʻlgan farzandlarini aslo unutmaydi. Onaxon ham davlatimiz tomonidan hamisha eʼtibor berib kelinayotganidan mamnun. Litsey vakillarining bugungi tashrifidan ham xonadon sohiblarining boshi koʻkka etdi. Oʻquvchilar tomonidan ijro etilgan insonlarni qadrlash, keksalarni eʼzozlash, mehr-oqibat haqidagi sheʼr va qoʻshiqlar yigʻilganlarda chuqur taassurot qoldirdi. Onaxon litsey rahbariyati va oʻquvchi yoshlar tomonidan koʻrsatilgan eʼtibordan koʻzlariga yosh olib, bunday gʻamxoʻrlikdan cheksiz minnatdor ekanliklarini izhor etib, mehmonlarni duo qildilar.

Bunday tadbirlarni tashkillashtirish yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. IIV Sirdaryo akademik litseyida bunday tadbirlarni nafaqat “Keksalar haftaligi” doirasida, balki yil davomida oʻtkazib boriladi. Uzoq hayot yoʻlini bosib oʻtgan qariyalar holidan xabar olish yosh avlod uchun oʻziga xos ibrat maktabi vazifasini oʻtaydi. Ilohim, keksalarimizning duoga ochilgan qoʻllari aslo tolmasin, duogoʻy otaxonu onaxonlarimiz sogʻ-omon boʻlib, uzoq yillar tinch va farovon yurtda davr-u davron sursinlar!

Text to speech