27 Yanvar 2023 yil 270

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari taʼlim muassasalariga tashrif buyurdi. 

Xabaringiz bor, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ya.A.Abdulxakov boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Sirdaryo viloyatida aholi xonadonlari, taʼlim muassasalarida issiqlik tizimini o‘rganish ishlarini olib bormoqda. 

Bugun vazir o‘rinbosari Guliston Davlat Universitetiga tashrif buyurib, Universitetning 1-sonli talabalar turar joyi, yotoqxona qozonxonasi, darsxonalar, dam olish xonalarini ko‘zdan kechirib, talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar, xonalarning issiqligi bilan yaqindan tanishdi. O‘rganishda, vazir o‘rinbosari masʼullarga energoresurslardan isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda, maqsadli foydalanish, yotoqxonalarni issiqlik bilan taʼminlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shundan so‘ng, vazir o‘rinbosari IIV Sirdaryo akademik litseyiga tashrif buyurib, tashrif chog‘ida anomal sovuqda litsey isitish tizimlarini ko‘zdan kechirdi va aniqlangan muammolarni joyida bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatmalar berib o‘tdi. Litsey sport zalida o‘quvchilar sovuq kunlarda jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi uchun qilingan ishlar, shuningdek, litsey oshxonasi va “Vatanparvarlik burchagi” bilan yaqindan tanishib, litsey kutubxonasida mavjud adabiyotlar, darsliklar va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanganligi, o‘quvchilarning kutubxonadan qay darajada foydalanayotganliklari bilan qiziqib, yoshlarni kitobga oshno qilish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berib o‘tdi.

Tashrif davomida vazir o‘rinbosari kasbga yo‘naltirilgan holda taʼlim olayotgan o‘quvchilarning qiziqishlari, dunyoqarashi va bilim salohiyatini o‘rganish maqsadida o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etib, o‘quvchilar bilan bo‘lib o‘tgan samimiy suhbat davomida o‘zining qimmatli maslahatlarini berib o‘tdi.

Respublika ishchi guruhining o‘rganishlari davom ettirilmoqda.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech