26 May 2022 yil 269

Eslatma: Bitiruvchilar oliygohga kirishi uchun ID-kartasi bo‘lishi kerak

Oliygohga hujjat topshirish uchun maktab bitiruvchilari ID-karta olishlari kerak. Qabul boshlanganida navbatlar ko‘payib ketishi mumkin, shuni inobatga olib ID-karta olishni oxirgi kunlargacha taqamang.

Viloyatimiz hududidagi umumiy o‘rta maktablarni bitirgan bitiruvchi yoshlarimiz imtihonlardan keyin attestat oladi. Aynan attestat va pasport (yoki ID-karta) oliygohga kirish uchun ariza topshirishda talab etiladigan asosiy hujjatlardir.

Biroq OTMlarga qabul boshlanishiga oz vaqt qolayotganiga qaramay, 11-sinf bitiruvchilari orasidan minglab yoshlar allaqachon 16 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, hali ID-karta olmagan.

Taʼlim tizimi masʼullarining bildirishicha, qabulga yaqin qolganda ID-karta olishga urinish uzun navbatlarni yuzaga keltirishi mumkin, shu bois ota-onalarga so‘nggi kunlarga qoldirmay, tezroq farzandlarining ID-karta olishini taʼminlashlari tavsiya etiladi.

Bir necha hafta oldin Xalq taʼlimi vazirligi 16 yoshga to‘lgan maktab bitiruvchilarining aksariyati hali ID-karta olmaganini maʼlum qilgan edi.

Oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarning hujjatlari Davlat test markazining abitur.dtm.uz sayti orqali onlayn qabul qilinadi. Onlayn hujjat topshirish uchun bitiruvchilarning pasport (ID karta) maʼlumotlarini (jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami – JSHSHIR) kiritish talab etiladi. Shu bois 16 yoshga to‘lgan bitiruvchilar o‘z vaqtida pasport (ID karta) olishlari zarur.

ID-karta olish uchun Sirdaryo viloyatining hududiy ichki ishlar bo‘limlari migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat etish lozim. 16 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga 10 yil muddatga beriladigan karta (pasport) 1 ish kuni davomida rasmiylashtirib beriladi. Xizmat uchun BHMning 89 foizi (240 300 so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 yanvardan 2011 yil namunasidagi (yashil) biometrik pasportlarni berish to‘xtatilib, o‘rniga ID-kartalar joriy etilgan.

Sirdaryo viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi

Text to speech