30 Noyabr 2021 yil 7266

Biz zoʻravonlikka qarshimiz!

Ayol ojiza, biroq kuchli, ayol zaifa, ammo irodali! Uning irodasi oldida lozim boʻlsa buyuklar bosh egadi. Azaldan erkaklar himoyasida boʻlgan sharq ayollarining qadr-qimmati hamisha eʼzoz-u, eʼtirof etilgan. Biroq soʻnggi paytlarda xotin-qizlarni kuchli jins vakillari tomonidan qadrsizlantirish, ularga tazyiq oʻtkazish, zoʻravonlik qilish holatlari ham afsuski koʻplab kuzatilmoqda.

Bunday salbiy holatlarning oldini olish maqsadida Sirdaryo tumanida „Zoʻravonlikka qarshi 16 kun“ aksiyasi doirasida maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Sirdaryo tuman hokimining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi Munojat Sharipova, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Sirdaryo tumani boʻlinmasi rahbari Lola Shoimova, Sirdaryo tuman IIBning xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori Roʻzigul Risqulova, 41-oʻrta maktab direktori Mavluda Burhonova hamda MFY xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchilar, tuman XTBga qarashli umumtalim maktablarining amaliyotchi psixologlari va yuqori sinf oʻquvchi qizlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida har bir maʼruzachi tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida xotin-qizlarga nisbatan sodir etilayotgan zoʻravonlik hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda xotin-qizlarimizni xaq-xuquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilgan ishlar tahlili, shuningdek, gender tenglik, ayollar va erkaklar oʻrtasida teng xuquqlar va imkoniyatlar, xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, gender zoʻravonlikni oldini olish toʻgʻrisida xabardorlikni oshirish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar berib oʻtildi.

Text to speech