8 Sentyabr 2021 yil 441

Afv etilganlar ijtimoiy hayotga yoʻnaltirilmoqda

Adashib jinoyat yoʻliga kirgan va sodir etgan qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan insonlarga yana bir bor imkon berish, ularni toʻgʻri yoʻlga, oilasi bagʻriga qaytarish oʻzini insonparvar davlat, deb biladigan har qanday mamlakat oldidagi muhim masalalardan biridir.

Joriy yilning 27-avgust kunida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi PF-6298-sonli Farmoniga asosan Respublikamizda istiqomat qiluvchi 140 nafar fuqarolar afv etilib, jazoni ijro etish muassasalaridan oʻz uylariga qaytarilishi koʻplab oilalarga qoʻshaloq bayram shukuhini ulashdi.

Afv etilgan shaxslarning 3 nafari asosiy jazodan, 127 nafari jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 12 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi, bir soʻz bilan aytganda, 142 nafar shaxs jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilindi. Shuningdek, 73 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Jazoni ijro etish muassasalaridan oʻz uylariga qaytgan hamyurtlarimiz orasida 4 nafar Sirdaryoliklar ham boʻlib, ularning oilalari bagʻriga qaytishi ota-onalari, ayollari, farzandlari qalbini shodlikka toʻldirdi.

Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Shuxrat Husanovich hamda Sirdaryo viloyati prokurori Shoxrux Aminovlar ana shu 4 nafar Sirdaryolik afv etilganlarni qabul qildi. 

Qabulda Ichki ishlar boshligʻi Shuxrat Husanovich afv etilganlarga xalqimizga xos bagʻrikenglik fazilatini namoyon etgan Prezidentimizning ishonchini oqlab, sogʻlom turmush tarzini yoʻlga qoʻyish, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, yuz berayotgan oʻzgarish va yangilanishlarning faol ishtirokchisi boʻlishi lozimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga afv etilganlarni ijtimoiy moslashtirish, moddiy-maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, salomatliklarini tiklash, ishga joylashtirish va shu kabi boshqa hayotiy masalalarda amaliy yordam berish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berilib, ijrosi qattiq nazoratga olindi.

Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech